"Ey Robbim, mening qalbimni keng qil. Mening ishimni oson qil. Tilimdan tugunni yechgin. So‘zimni anglasinlar." (Toha surasi, 25-28-oyatlar)
Shayx Alouddin Mansur hazratlarining qalamlariga mansub «Qur’oni Azim muxtasar tafsiri» kitobi o‘zbek tilidagi Qur’oni Karimning ma’nolar tarjimasi va tafsiri hisoblanadi. Ilk nashri 1 jildlik katta kitob edi. Ushbu chop etilgan nusxasi mutolaa qilish uchun yengillik yaratish maqsadida to‘rt qismga ajratilgan xolda nashr etildi.
Bandani Alloh taologa yaqin qiladigan nafl ibodatlarining eng ulug‘i Qur’onni tafakkur va tadabbur qilib, ma’nolarini anglab, ko‘p qiroat qilish va tinglashdir.
Ushbu Ulug‘ Kitobni chuqur diqqat-e’tibor bilan o‘qisak, bu Ilohiy Mo‘’jiza go‘yo bundan o‘n to‘rt asr ilgari emas, balki, hozir o‘zimizga tushirilganday – har bir so‘zi hayotimizni haqiqiy inson bo‘lib yashab o‘tishimiz uchun o‘ta zarur so‘z ekanini paykaymiz. Zotan bu so‘z barcha olamlarning Egasi, mangu barhayot Olloh taoloning hech qachon o‘lmaydigan so‘zidir. Men – bandai ojiz ushbu Ulug‘ so‘z ma’nolarini Siz azizlarga yetkazmoqchi bo‘ldim. Agar to‘g‘ri yetkaza olgan bo‘lsam, bu Yolg‘iz Yaratganning marxamatidan, o‘tib ketgan xatolari bo‘lsa, bu mening nuqsonlarimdir. Men Olloh taolodan ushbu Kitobni o‘qigan har bir insonni O‘zining haq yo‘liga hidoyat qilishini so‘rayman xamda sizlardan Kitobni o‘qib, Kalomulloh ma’nolari bilan oshno bo‘lgan soatlaringizda, agar yodingizga kelsa menda Qur’oni Karimga ilk muhabbat uyg‘otgan ustozi avvallarim bo‘lgan marhum Ota va Onamning haqlariga duoyi xayr qilishlaringizdan umidvor bo‘lib qolaman.
Shayx Alouddin Mansur